Audit va islom moliyasi: xalqaro standartlar va kasbiy sertifikatlash imkoniyatlari taqdim etildi
2026-yil 11-sentabr kuni Toshkent shahridagi Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida (UDEA) O‘zbekiston Auditorlar palatasi hamkorligida «Audit va islom moliyasi — xalqaro standartlardan kasbiy malakaga» mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir audit standartlarini amaliyotga tatbiq etish, islom moliyasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash va kasbiy sertifikatlash masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir e’loni.
Konferensiyada auditning xalqaro standartlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar taqdim etildi. Ma’ruzalarda yagona rasmiy matndan foydalanish standartlarni to‘g‘ri talqin qilish, auditorlik tekshiruvlari sifatini oshirish hamda ta’lim va malaka oshirish jarayonlarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, audit standartlari bo‘yicha ma’lumot izlash va ularning mazmunini tushunishga ko‘maklashuvchi sun’iy intellekt asosidagi elektron yordamchi imkoniyatlari tanishtirildi. Mazkur vositadan amaliyotchi auditorlar, o‘qituvchilar va talabalarning foydalanish yo‘nalishlari tushuntirildi.
Tadbirning alohida qismi islom moliyasi va AAOIFI xalqaro standartlariga bag‘ishlandi. Mutaxassislar sohaning rivojlanishi buxgalteriya hisobi, ichki va tashqi audit hamda bank xizmatlari bo‘yicha maxsus bilimga ega kadrlarga ehtiyojni oshirayotganini qayd etdilar. Shu munosabat bilan xalqaro tajribani mahalliy amaliyotga moslashtirish va o‘zbek tilida kasbiy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston Auditorlar palatasi tomonidan ishlab chiqilgan islom moliyasi bo‘yicha sertifikatlash tizimi taqdim etildi. Taqdimotda quyidagi to‘rt yo‘nalish haqida ma’lumot berildi:
- islom moliyasi bo‘yicha buxgalter;
- islom moliyasi bo‘yicha auditor;
- islom moliyasi bo‘yicha ichki auditor;
- islom moliyasi va banki bo‘yicha mutaxassis.

Taqdim etilgan tartibga ko‘ra, imtihonlarni har ikki oyda bir marta, oflayn shaklda kompyuterda o‘tkazish nazarda tutilgan. Imtihon 100 ta savoldan iborat bo‘lib, uni bajarish uchun uch soat ajratiladi. O‘tish mezoni 75 ball etib belgilangan, natija esa imtihon yakunlanishi bilan e’lon qilinadi.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, hujjatlarni elektron tarzda topshirish, apellyatsiya berish va malaka oshirish tartiblari ham tushuntirildi. Tayyorlov kursida o‘qish imtihonga kirishning majburiy sharti emasligi, belgilangan talablarga javob beradigan nomzodlar mustaqil tayyorlanib ham imtihon topshirishi mumkinligi qayd etildi.
Hozirda O‘zbekiston Auditorlar palatasi saytida islom moliyasi bo‘yicha malaka imtihonlariga hujjat qabul qilish ochilgan. Nomzodlar sertifikatlash tartibi, talablar va o‘quv dasturlari bilan saytning «Islom moliyasi» bo‘limida tanishib, shaxsiy kabinet orqali elektron ariza topshirishlari mumkin.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston Auditorlar palatasi Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetiga (UDEA) akkreditatsiya guvohnomasini topshirdi. Guvohnoma universitetning Palata akkreditatsiyasidan o‘tganini tasdiqlaydi hamda unga islom moliyasi bo‘yicha sertifikatlarga nomzodlarni tayyorlash huquqini beradi. UDEA Palata akkreditatsiyasidan o‘tgan birinchi oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi va tayyorlov kurslariga birinchi guruhlarni qabul qilishga tayyor.

UDEA vakillari xalqaro va milliy sertifikatlarga tayyorlov kurslari, o‘zbek tilidagi o‘quv materiallari hamda onlayn va oflayn ta’lim imkoniyatlari haqida ma’lumot berdilar.

Savol-javoblar davomida sertifikatlarni olish ketma-ketligi, xalqaro malaka hujjatlarini hisobga olish, imtihon mazmuni va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini baholashga oid savollarga javob berildi.

Konferensiya ma’ruzalari va muhokamalarini to‘liq videoyozuv orqali ko‘rish mumkin.