Bokuda turkiy davlatlarning buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi kasbiy va tartibga soluvchi organlari assotsiatsiyasi ustavi imzolandi
2026-yil 16-sentabr kuni Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Auditorlar palatasi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida Turkiy davlatlarning buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi kasbiy va tartibga soluvchi organlari assotsiatsiyasi ustavini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ustavni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekistonning kasbiy va tartibga soluvchi organlari imzoladi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan hujjatni O‘zbekiston Auditorlar palatasi raisi Ne’matulla Karimov imzoladi.

Assotsiatsiya shtab-kvartirasi Boku shahrida joylashgan mustaqil notijorat xalqaro kasbiy tashkilot sifatida tuziladi. Uning asosini Turkiy davlatlar tashkiloti hujjatlari va «Turkiy dunyo nigohi – 2040» konsepsiyasida mustahkamlangan hamkorlik va o‘zaro ishonch maqsadlari tashkil etadi.
Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari:
- tajriba va tartibga solish amaliyoti bilan almashish;
- auditorlik faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimlarining ekvivalentligini baholash;
- auditorlar va auditorlik tashkilotlari malakasini o‘zaro tan olish;
- mutaxassislarni umumiy sertifikatlash tizimini rivojlantirish;
- xalqaro standartlarni, jumladan raqamli audit va barqaror rivojlanish bo‘yicha hisobot sohasida qo‘llashga ko‘maklashish.

Assotsiatsiyaning boshqaruv organlari — Bosh assambleya, Boshqaruv, Standartlar, ekvivalentlik va tan olish bo‘yicha kengash, Doimiy kotibiyat va Taftish qo‘mitasi. Har bir davlat bitta ovozga ega, raislik ikki yil muddatga navbatma-navbat amalga oshiriladi. Assotsiatsiya Ozarbayjonda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng birinchi Bosh assambleya chaqiriladi.

Imzolash marosimidan so‘ng so‘zga chiqqan O‘zbekiston Auditorlar palatasi raisi Ne’matulla Karimov shunday dedi: «Assotsiatsiyaning tashkil etilishi turkiy davlatlarning kasbiy hamkorligini rivojlantirishda muhim qadamdir. Malakalarni o‘zaro tan olish va mutaxassislarni birgalikda sertifikatlash moliyaviy axborotning shaffofligi va mamlakatlarimiz iqtisodiy integratsiyasiga xizmat qiladi. O‘zbekiston Auditorlar palatasi Assotsiatsiya faoliyatida faol ishtirok etishga tayyor».
